Nashr etikasi
“Human Performance and Movement Science in Sport” jurnali nashr etikasi
1. Kirish
1.1. Ekspertizadan o‘tkaziladigan ilmiy jurnallarda maqolalar nashr etilishi ilmiy g‘oyalarni ilmiy hamjamiyat ichida va undan tashqarida tarqatishning muhim vositasi bo‘lib, fan va amaliyot rivojiga salmoqli hissa qo‘shadi. Shu munosabat bilan “Human Performance and Movement Science in Sport” jurnali nashr jarayonida ishtirok etuvchi barcha tomonlar - mualliflar, muharrirlar, taqrizchilar va noshir uchun yuqori axloqiy xulq-atvor standartlariga amal qilinishini ta’minlashni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi.
1.2. Noshir ilmiy muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi, tahririy tayyorlash va nashr jarayonini moliyalashtiradi, nashr jarayonini nazorat qiladi hamda jurnal faoliyatining zamonaviy xalqaro talablar va tavsiyalarga muvofiqligi uchun javobgar hisoblanadi.
1.3. Noshir ushbu hujjatda belgilangan axloqiy tamoyillar asosida ilmiy axborotning ishonchliligi va tadqiqotlarning ilmiy yaxlitligini ta’minlash choralarini ko‘radi.
2. Bosh muharrirning vazifalari
2.1. Nashr etish to‘g‘risida qaror qabul qilish.
“Human Performance and Movement Science in Sport” ilmiy jurnalining bosh muharriri (yoki uning o‘rinbosari) jurnalga taqdim etilgan qo‘lyozmalarni nashr etish yoki rad etish to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilish uchun javobgardir. Ayrim hollarda ushbu qaror tahririyat hay’ati bilan muhokama qilinishi mumkin. Nashr etish to‘g‘risidagi qaror qo‘lyozmaning ilmiy ishonchliligi, dolzarbligi va ilmiy ahamiyatiga asoslanadi.
Bosh muharrir (yoki uning o‘rinbosari) jurnal tahririyatining belgilangan ish tamoyillariga qat’iy amal qiladi hamda nashr jarayonida tuhmat, plagiat va mualliflik huquqlarini buzish bilan bog‘liq holatlarning oldini olish maqsadida amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlaydi. Zarur hollarda bosh muharrir nashr etish to‘g‘risida qaror qabul qilish jarayonida taqrizchilar va (yoki) noshir vakillari bilan maslahatlashish huquqiga ega.
2.2. Xolislik va odob.
Bosh muharrir (yoki uning o‘rinbosari) qo‘lyozmalarni mualliflarning irqi, jinsi, jinsiy orientatsiyasi, diniy e’tiqodi, kelib chiqishi, fuqaroligi yoki siyosiy qarashlaridan qat’i nazar, faqat ularning ilmiy mazmuni, sifati va ahamiyati asosida xolis va adolatli tarzda baholashi shart.
2.3. Maxfiylik.
Bosh muharrir (yoki uning o‘rinbosari) hamda tahririyat hay’ati jurnalga taqdim etilgan va qabul qilingan qo‘lyozmalar haqidagi barcha ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashi lozim. Mualliflar, taqrizchilar, ilmiy maslahatchilar va noshir vakolatli shaxslar bundan mustasno, bosh muharrir va tahririyat a’zolari uchinchi shaxslarga hech qanday ma’lumotni ruxsatsiz oshkor etishga haqli emas.
2.4. Ma’lumotni oshkor qilmaslik siyosati va manfaatlar to‘qnashuvi.
Bosh muharrir (yoki uning o‘rinbosari) hamda tahririyat a’zolari qo‘lyozmalar bilan bog‘liq ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashi va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishi shart.
2.4.1. Taqdim etilgan qo‘lyozmalardan olingan nashr etilmagan ma’lumotlar, natijalar yoki ilmiy g‘oyalardan mualliflarning yozma roziligisiz muharrirlar shaxsiy tadqiqotlarda foydalanishga haqli emas. Taqriz va tekshiruv jarayonida olingan barcha ma’lumotlar va g‘oyalar qat’iy maxfiy saqlanishi hamda shaxsiy, moliyaviy yoki boshqa manfaatlar yo‘lida qo‘llanilmasligi lozim.
2.4.2. Agar bosh muharrir (yoki uning o‘rinbosari) mualliflar, homiylar, kompaniyalar yoki qo‘lyozma bilan bog‘liq boshqa tashkilotlar bilan raqobat, hamkorlik, moliyaviy yoki boshqa o‘zaro munosabatlar sababli manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lsa, u mazkur qo‘lyozmani ko‘rib chiqishdan o‘zini chetlashtirishi (recusal) va ushbu ish bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etmasligi shart. Bunday hollarda qo‘lyozma tahririyat hay’atining boshqa vakolatli a’zolari tomonidan ko‘rib chiqiladi.
2.5. Nashrlarning ishonchliligini nazorat qilish.
Agar nashr etilgan materialda keltirilgan bayonotlar yoki xulosalarning noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatuvchi ishonchli dalillar aniqlansa, bosh muharrir (yoki uning o‘rinbosari) vaziyatga mos ravishda tuzatish (correction) kiritish, tashvish bildirish (expression of concern) e’lon qilish yoki maqolani qaytarib olish (retraction) choralarini ko‘rishi hamda bu haqda noshirni xabardor qilishi shart.
2.6. Axloqiy da’volar bo‘yicha hamkorlik.
Ko‘rib chiqilgan yoki nashr etilgan materiallarga nisbatan axloqiy da’volar yuzaga kelgan taqdirda, bosh muharrir (yoki uning o‘rinbosari) noshir bilan hamkorlikda tegishli choralarni ko‘radi. Ushbu choralar mualliflar bilan muloqot qilish, shikoyat yoki da’volarni asosli tarzda ko‘rib chiqish, shuningdek, zarur hollarda tegishli tashkilotlar, ilmiy muassasalar yoki tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni o‘z ichiga olishi mumkin.
3. Taqrizchilarning majburiyatlari
3.1. Tahririy qarorlarga ta’sir ko‘rsatish.
Taqrizchilar bosh muharrirga (yoki uning o‘rinbosariga) maqolani nashr etish yoki rad etish bo‘yicha qaror qabul qilishda ilmiy xulosa va tavsiyalar orqali yordam beradi, shuningdek, mualliflar bilan konstruktiv ilmiy muloqot orqali qo‘lyozma sifatini oshirishga hissa qo‘shadi. Tengdoshlar tomonidan tekshirish (peer review) ilmiy muloqotning ajralmas bo‘g‘ini bo‘lib, zamonaviy ilmiy yondashuvning asosini tashkil etadi.
3.2. Malaka va ishni bajarish majburiyati.
Agar tanlangan taqrizchi qo‘lyozmani baholash uchun yetarli ilmiy malakaga ega emasligini yoki taqrizni belgilangan muddatda sifatli yakunlash uchun yetarli vaqtga ega emasligini aniqlasa, u bu haqda jurnal bosh muharririni (yoki uning o‘rinbosarini) zudlik bilan xabardor qilishi va mazkur qo‘lyozmani ko‘rib chiqish jarayonidan chetlashtirilishi lozim.
3.3. Maxfiylik.
Ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan har qanday qo‘lyozma maxfiy hujjat hisoblanadi va faqat vakolatli shaxslar tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin. Taqdim etilgan maqola mazmuni bosh muharrir (yoki uning o‘rinbosari)ning oldindan berilgan ruxsatisiz uchinchi shaxslarga taqdim etilishi, nusxalanishi yoki muhokama qilinishi qat’iyan man etiladi.
3.4. Tekshiruv talablari va xolislik.
Taqrizchi qo‘lyozmaga xolis, adolatli va ilmiy asoslangan baho berishga majburdir. Muallif shaxsiga qaratilgan tanqid, subyektiv mulohazalar yoki kamsituvchi fikrlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Barcha taqriz xulosalari aniq dalillar, ilmiy asos va mantiqiy izohlar bilan mustahkamlangan bo‘lishi lozim.
3.5. Birlamchi manbalarni tan olish.
Taqrizchilar ko‘rib chiqilayotgan mavzuga bevosita taalluqli bo‘lgan, biroq qo‘lyozma bibliografiyasida ko‘rsatilmagan muhim nashr etilgan ilmiy ishlarni aniqlashga mas’uldir. Ilgari chop etilgan har qanday bayonot, kuzatish, xulosa yoki dalil tegishli bibliografik manbaga ega bo‘lishi shart. Shuningdek, taqrizchi ko‘rib chiqilayotgan qo‘lyozma bilan o‘z ilmiy vakolati doirasidagi yoki boshqa nashr etilgan ishlar o‘rtasida sezilarli o‘xshashlik yoki moslik aniqlangan taqdirda, bu holat haqida bosh muharrirni (yoki uning o‘rinbosarini) xabardor qilishi lozim.
3.6. Manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilish siyosati
3.6.1. Taqrizchilar taqdim etilgan qo‘lyozmalardan olingan nashr etilmagan ma’lumotlar, natijalar yoki g‘oyalardan mualliflarning yozma roziligisiz shaxsiy tadqiqotlarida foydalanishga haqli emas. Taqriz jarayonida olingan, raqobatdosh ustunlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan barcha ma’lumotlar va ilmiy g‘oyalar qat’iy maxfiy saqlanishi hamda shaxsiy yoki moliyaviy manfaatlar yo‘lida qo‘llanilmasligi lozim.
3.6.2. Agar taqrizchi mualliflardan biri, ular faoliyat yuritayotgan tashkilot, homiy kompaniyalar yoki taqdim etilgan ish bilan bog‘liq boshqa subyektlar bilan raqobat, hamkorlik, moliyaviy yoki boshqa turdagi o‘zaro munosabatlar tufayli manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lsa, u mazkur qo‘lyozmani ko‘rib chiqishda ishtirok etmasligi shart.
4. Mualliflarning javobgarligi
4.1. Qo‘lyozmaga qo‘yiladigan talablar
4.1.1. Asl tadqiqot mualliflari bajarilgan ish natijalarining ishonchliligini, tadqiqotning ilmiy ahamiyatini hamda olingan xulosalarni xolis va ob’ektiv tarzda yoritishni ta’minlashlari shart. Tadqiqot asosini tashkil etuvchi ma’lumotlar xatolarsiz, buzib ko‘rsatishsiz va halol tarzda taqdim etilishi lozim. Qo‘lyozmada tadqiqotni takrorlash va tekshirish imkonini beradigan yetarli metodologik tavsif, shuningdek, foydalanilgan bibliografik manbalar to‘liq va aniq ko‘rsatilishi kerak. Noto‘g‘ri yoki bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar keltirish axloqiy buzilish hisoblanadi va qabul qilinmaydi.
4.1.2. Sharh maqolalar va boshqa ilmiy materiallar aniq, mantiqan izchil va ob’ektiv bo‘lishi lozim. Tahririyat maqolalarida tahririyat hay’ati yoki bosh muharrir (yoki uning o‘rinbosari)ning rasmiy nuqtai nazari ochiq va ravshan tarzda ifodalanishi, shaxsiy yoki tasdiqlanmagan qarashlarga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
4.2. Ma’lumotlarga kirish va ularni saqlash
4.2.1. Taqriz jarayonining xolisligi va ilmiy baholashning ob’ektivligini ta’minlash maqsadida mualliflardan qo‘lyozma bilan bog‘liq qo‘shimcha materiallar, dastlabki (xom) ma’lumotlar yoki tadqiqot natijalarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi so‘ralishi mumkin. Mualliflar bunday ma’lumotlarga, agar iloji bo‘lsa, ochiq yoki cheklangan kirishni ta’minlashga tayyor bo‘lishlari lozim.
4.2.2. Mualliflar ALPSP-STM bayonotiga muvofiq ravishda tadqiqot ma’lumotlari va ma’lumotlar bazalarini nashr etilgandan keyin tegishli muddat davomida saqlashi hamda zarur hollarda ularni tekshiruv yoki qayta tahlil qilish uchun taqdim etish imkoniyatini yaratishi shart.
4.3. Originallik va plagiat
4.3.1. Mualliflar taqdim etilgan asarning to‘liq original ekanligini tasdiqlaydilar va boshqa mualliflarning asarlari yoki bayonotlaridan foydalanilganda, tegishli bibliografik ma'lumotnomalar yoki ko‘chirmalarni taqdim etishlari shart.
4.3.2. Plagiat axloqiy emas va qabul qilinishi mumkin emas. Plagiat boshqa birovning ishini muallifniki sifatida taqdim etishdan tortib, boshqa birovning ishining muhim qismlarini nusxalash yoki boshqa birovning tadqiqoti natijalariga nisbatan o‘z huquqlarini da’vo qilishgacha bo‘lgan (atribusiyasiz) turli shakllarda mavjud bo‘lishi mumkin.
4.3.3. Taqdim etilgan ish to‘liq original bo‘lishi shart. Plagiatning har qanday shakli axloqiy buzilish hisoblanadi.
4.4. Takroriy va bir vaqtdagi nashr
4.4.1. Bir tadqiqotni bir vaqtning o‘zida bir nechta jurnalda ko‘rib chiqishga topshirish yoki qayta nashr etish qat’iyan man etiladi.
4.4.2. Muallif ilgari chop etilgan maqolani boshqa jurnalga ko‘rib chiqish uchun taqdim etmasligi kerak.
4.5. Mualliflik
4.5.1. Nashr mualliflari faqat tadqiqot kontseptsiyasini shakllantirishga, taqdim etilgan tadqiqotni ishlab chiqish, amalga oshirish yoki ilmiy tahlil qilish jarayonida sezilarli ilmiy hissa qo‘shgan shaxslar bo‘lishi mumkin. Tadqiqotga sezilarli hissa qo‘shgan barcha shaxslar tegishli tartibda ko‘rsatilishi lozim. Tadqiqot loyihasining muayyan bosqichida muhim ilmiy hissa qo‘shgan ishtirokchilar ushbu ishga katta hissa qo‘shganlar ro‘yxatiga kiritilishi kerak.
4.5.2. Muallif(lar) tadqiqotga sezilarli ilmiy hissa qo‘shgan barcha shaxslarning hammualliflar ro‘yxatiga kiritilishini ta’minlashi, tadqiqotda bevosita ishtirok etmagan shaxslarning esa hammualliflar ro‘yxatiga kiritilmasligini kafolatlashi shart. Barcha hammualliflar ishning yakuniy variantini ko‘rib chiqib, uni ma’qullagan bo‘lishi hamda maqolani nashr etish uchun taqdim etishga rozilik bildirganliklari uchun birgalikda javobgar hisoblanadi.
4.6. Manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilish
4.6.1. Barcha mualliflar taqdim etilgan qo‘lyozmada keltirilgan natijalar yoki xulosalarga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini (moliyaviy yoki boshqa shakllarda) to‘liq va oshkora ravishda ko‘rsatishlari shart.
4.6.2. Oshkor etilishi lozim bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuviga, jumladan, ishga joylashish, konsalting faoliyati, aksiyalarga egalik huquqi, royalti olish, ekspert xulosalari berish, patent talabnomalari topshirish yoki patentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, grantlar va boshqa moliyaviy yoki moddiy qo‘llab-quvvatlash shakllari kiradi. Bunday manfaatlar to‘qnashuvi mavjud yoki yuzaga kelishi ehtimoli aniqlangan zahoti, u imkon qadar tezkor tarzda oshkor etilishi lozim.
4.7. Nashr etilgan ishlardagi xatolar
4.7.1. Agar muallif nashr etilgan ishda jiddiy xatolar yoki noaniqliklar mavjudligini aniqlasa, u bu haqda jurnal tahririyatini zudlik bilan xabardor qilishi shart. Muallif tahririyat bilan hamkorlikda ushbu xatolarni imkon qadar tezroq tuzatish yoki zarur hollarda maqolani qaytarib olish (retraction) choralarini ko‘rishi lozim.
4.7.2. Agar tahririyat nashr etilgan ishda jiddiy xatolar mavjudligi to‘g‘risida uchinchi shaxslardan ishonchli ma’lumot olsa, muallif ishni qayta ko‘rib chiqish, tuzatishlar kiritish yoki maqolani qaytarib olish jarayonida tahririyat bilan to‘liq hamkorlik qilishga majburdir.
5. Noshirning majburiyatlari
5.1. Noshir mazkur nashr etikasi ko‘rsatmalariga muvofiq holda muharrirlar, taqrizchilar va mualliflarning axloqiy javobgarligini ta’minlovchi siyosat va tartiblarga rioya qilishi shart. Noshir tahririy va nashrga oid qarorlar qabul qilish jarayoniga har qanday shaxsiy, moliyaviy yoki institutsional manfaatlarning ta’sir ko‘rsatmasligini kafolatlashi lozim.
5.2. Noshir nashr etilgan materiallarga nisbatan axloqiy da’volar, shikoyatlar yoki nizolar yuzaga kelgan taqdirda, ularni ko‘rib chiqish jarayonida tahririyatga tashkiliy, moliyaviy va huquqiy ko‘mak ko‘rsatadi, shuningdek, zarur hollarda boshqa jurnallar va (yoki) nashriyotlar bilan hamkorlik aloqalarini ta’minlaydi.
5.3. Noshir ilg‘or tadqiqot amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda nashr etikasi tamoyillariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida axloqiy tavsiyalar, xatolarni bartaraf etish, tuzatishlar kiritish va maqolalarni qaytarib olish tartib-qoidalarini belgilovchi tegishli standartlar, ko‘rsatmalar va tashkiliy-uslubiy hujjatlarni joriy etadi va takomillashtirib boradi.
5.4. Zarur hollarda noshir axloqiy yoki huquqiy masalalar yuzasidan tahririyat va boshqa ishtirokchilarga tegishli ixtisoslashtirilgan yuridik maslahat yoki huquqiy yordam ko‘rsatishini ta’minlaydi.
6. Yakuniy qoidalar
Mazkur nashr etikasi jurnalda chop etiladigan barcha materiallarga tatbiq etiladi va jurnal faoliyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Jurnal nashr etikasi siyosatini yangilash yoki takomillashtirish huquqini o‘zida saqlab qoladi hamda barcha o‘zgarishlar rasmiy tarzda e’lon qilinadi.
